Toshkentda Italiya va O‘zbekiston rektorlari forumi boshlandi
Bugun, 23-sentabr kuni Toshkentda Italiya va O‘zbekiston rektorlari o‘rtasidagi uzoq kutilgan forum rasmiy ravishda boshlandi. 23-24 sentabr kunlari davom etadigan ushbu muhim tadbir ikki davlat o‘rtasidagi akademik va madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan.
Forumning ochilish kunida Italiya universitetlari, jumladan, Venetsiyadagi Ca' Foscari universiteti, Salento universiteti, Florensiya universiteti, Perudja chet elliklar uchun universiteti va Siena chet elliklar uchun universiteti rektorlari Toshkent Jahon tillari universitetiga tashrif buyurishdi. Mazkur tashrif davomida mehmonlar universitetimiz rektori bilan uchrashib, iliq va do‘stona muhitda muloqot qildilar. Ushbu uchrashuv ikki tomonlama akademik hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishga va o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga zamin yaratdi.
Shundan so‘ng, italiyalik rektorlar universitetimiz Italianistika kafedrasi a'zolari bilan uchrashuv o‘tkazishdi. Uchrashuvda O‘zbekiston talabalarini o‘qitishda italyan tili va madaniyatining ahamiyati hamda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, jumladan, talaba almashinuvi va qo‘shma ilmiy loyihalar masalalari muhokama qilindi.
Ertaga, 24-sentabr kuni, forumning asosiy tadbiri Toshkentdagi Torino universitetida bo‘lib o‘tadi. Ushbu ikkinchi kun Italiya va O‘zbekiston universitetlari o‘rtasidagi kelgusidagi hamkorliklarni muhokama qilishga bag‘ishlanadi. Ta’lim tizimlarining o‘zaro integratsiyalashuvi, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, shuningdek, akademik tajriba almashish kabi mavzular muhokama qilinadi.
Ishonamizki, Italiya va O‘zbekiston rektorlari forumi ikki davlat ta’lim tizimi o‘rtasida yangi akademik hamkorlik yo‘llarini ochishga va o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.