italyan.kafedra@gmail.com
O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti haqida
O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O’zDJTU) 1949-yilda Toshkent chet tillari pedagogika instituti nomi bilan faoliyatini boshlagan. Universitet 70 yillik tarixga ega. 1992-yili Toshkent chet tillari pedagogika instituti hamda Respublika Rus tili va adabiyoti instituti birlashib, O’zbekiston davlat jahon tillari universiteti maqomiga ega bo’ldi.
Bugungi kunda universitetda 23 000 dan ortiq talaba 20 ga yaqin xorijiy tilni jahon ta’lim standartlari asosida o’rganmoqda. Har yili universitetda 15 ta ta’lim yo’nalishida bakalavr, 13 ta ta’lim yo’nalishida magistrlik darajasiga ega mutaxassislar tayyorlanadi.
Universitet talabalari chuqur bilim va ko’nikmalar asosida til o’rganish, o’qitish, tarjima va talqin qilish malakalariga ega bo’lmoqda. Kun sayin rivojlanib borayotgan tezkor zamonda ta’lim tizimi ham o’zgarmoqda. Oliy ta’lim muassasasida til va madaniyat o’rtasidagi aloqa ta’lim tizimining asosiy tamoyili hisoblanadi.
Ingliz tili 1-, 2-, 3-fakultetlari, Roman-german filologiyasi, Rus filologiyasi fakultetlarida bo’lajak pedagoglar til o’qitishning sir-asrorlarini o’rganmoqdalar, Tarjima nazariyasi va amaliyoti fakultetida esa ingliz, nemis, koreys, yapon, xitoy tili yo’nalishlarida tarjima mahoratidan tahsil olmoqdalar.
Aynan universitetda bir qator xorijiy tillar bo`yicha ko`nikmalarga ega bo`lgan talabalar bugungi kunda xalqaro miqyosda turli jabhalarda faoliyat yuritishmoqda. Universitet bitiruvchilaridan yetuk tarjimonlar, chet tili o`qituvchilari, siyosatchilar, xalqaro tashkilotlar va turli qo`shma korxonalarda faoliyat olib borayotgan yetakchi mutaxassislarning borligi universitet nufuzi naqadar yuqori ekanligini ifodalaydi.
2018-yili AQSHning Vebster universiteti bilan imzolangan kelishuv asosida bir yillik magistratura akademik Dasturi tashkil etildi. Mazkur magistratura Dasturi Markaziy Osiyoda yagona hisoblanib, bu maskanda butun dunyo yoshlari tahsil olishlari mumkin.
Mamlakatda yagona hisoblangan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzurida Chet tillarini o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazi chet tillarni o`qitish bo`yicha Markaziy Osiyoda yetakchi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Bugungi kundagi ta’lim jarayoni jahon hamjamiyati talablariga javob beradigan tilshunoslar va tarjimonlar tayyorlashga qaratilgan. Binobarin, til xalqlar va elatlarni bir-biriga yaqinlashtiradigan, ular o`rtasidagi munosabatlarni rivojlantiradigan yagona vositadir.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bugungi kunda xalqaro aloqalar bo‘yicha ham hamkorlikni keng yo‘lga qo‘ygan. Universitet jahonning 61ta OTMlari bilan ikki tomonlama hamkorlik shartnomalari asosida faoliyat olib bormoqda.
Hamkorlikda xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallarini ochish, ikki diplomlilikni ta’lim jarayoniga joriy etish, qo‘shma fakultetlarni tashkil etish, xalqaro loyihalarda faol ishtirok etish va investitsiyalarni jalb etish, xorijiy olim va mutaxassislarni taklif qilish, universitet professor-o‘qituvchilarini malaka oshirish va stajirovkaga yuborish, bitiruvchilarni magistratura va PhD dasturlarida o‘qishini tashkil qilish kabi vazifalarni amalga oshirmoqda.
Angliyaning Norvich tillarni o‘qitish instituti, AQShning Vebster universiteti, Germaniyaning Xeydelberg pedagogika universiteti va Rur Boxum universiteti, Fransiyaning Serji-Pontuas universiteti va Tuluza siyosiy fanlar instituti, Ispaniyaning Kadis universiteti, Valiodolit universiteti, Rossiyaning Adigey davlat universiteti, Astraxan davlat universiteti, Nijegorod davlat lingvistik universiteti, Kurgan davlat universiteti, Qozog‘istonning Sh.Ualixanov nomidagi Ko‘kshetov davlat universitetlari, G‘arbiy Qozog‘iston innovatsion-texnologiya universiteti, G‘arbiy Qozog‘iston davlat universiteti, Tojikistonning Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti, Rus-Tojik (Slavyan) universiteti, Qirg‘izistonning Qirg‘iz-O‘zbek universiteti, Turkmanistonning Davlatmamat Azadiy nomidagi Turkmaniston davlat jahon tillari universitetlari bilan ikki tomonlama hamkorlik shartnomalari imzolandi. Shuningdek, xalqaro aloqalar asosida universitet professor-o‘qituvchilarining malakasini oshirish bo‘yicha ham ijobiy natijalarga erishilmoqda. Professor-o‘qituvchilarning chet elda malakasini oshirish uchun har yili shartnomalar tuziladi. Bugungi kunda universitetda nafaqat xorijiy tillarni o‘rgatish, balki metodika, tarjima asoslari, jurnalistikaning turli aspektlari, Axborot kommunikatsiya texnologiyalari fanlaridan dars olib borish, master klass va seminar-trening o‘tish maqsadida AQSh, Angliya, Avstriya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Kolumbiya, Polsha, Ruminiya, J.Koreya, Yaponiya, XXR, Malayziya, Indoneziya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan 40 nafar xorijiy professor-o‘qituvchilar, olimlar va mutaxassislar keng jalb qilindi. 2019 yilda 50 nafar xorijiy olim va mutaxassis taklif qilinishi rejalashtirildi. Joriy o‘quv yili jarayoniga 69 nafar talaba, jumladan 6 nafari magistrlar jalb qilingan bo‘lib, turli yo‘nalishlarda tahsil olib kelishmoqda. Keyingi o‘quv yilida yana 25 nafar chet ellik yoshlarni o‘qishga jalb qilinishi rejalashtirildi.
Hozirgi kunda universitetda 12 ta xalqaro loyiha bajarilmoqda. Xorijiy hamkorlar bilan birga chet tillarni o‘qitish metodlari, pedagogik va AKTni chet tili ta’limiga joriy etish masalalariga oid turli seminar-treninglar, on-layn ma’ruzalar va darslar tashkil qilishni nazarda tutadi. 2018 yil davomida mazkur xalqaro tashkilotlar ko‘magida talabalarga dars mashg‘ulotlarini olib borish uchun 18 nafar xorijiy mutaxassis taklif etildi. Shuningdek, ushbu tashkilotlar bilan hamkorlikda 10dan ortiq uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv doirasida 2019 yilda universitet bilan hamkorlikda bir nechta texnik loyihani amalga oshirishga kelishib olindi.
Tarjimonlik fakulteti
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning 1992 yil 12 maydagi 401-sonli farmoniga asosan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tashkil qilinganligi hamda xalq xo‘jaligining turli sohalarida xalqaro aloqalarning kengayib borganligi va bunda malakali tarjimonlarga talab ortganligini inobadga olib O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 1994 yil 24 oktyabrdagi 93-sonli buyrug‘iga asosan universitetning barcha fakultetlaridan iqtidorli talabalar suhbat asosida tarjimonlik yo‘nalishiga o‘qishga tanlab olingan va TARJIMONLIK fakulteti tashkil etilgan.
Tarjimonlik fakultetiga 1994-1995 o‘quv yilidan boshlab “Ingliz tili quyi kurslar” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi, dotsent O.M.Mo’minov dekan etib, shu kafedraning o‘qituvchisi J.A.Ruzmetov dekan muovini etib tayinlangan. Keyingi yillarda fakultetga yetuk mutaxassislardan, filologiya fanlari nomzodi N.M.Qambarov (2002-2009), T.A.Madrahimov (2009 yil), H.I.Hakimov (2009-2012), I.M.Tuxtasinov (2012-2013), S.A.Ziyayeva (2013-2019) va O.P.Habitovich (2019-2021) rahbarlik qilishdi. Hozirgi paytda ushbu lavozimda filologiya fanlari buyicha falsafa doktori (PhD) Karimov Rivojiddin G’ulamjonovich faoliyat olib bormoqda.
Sinxron tarjimani o‘rgatishga sohaning eng tajribali o‘qituvchilari jalb etilgan. Sinxron tarjima fanini o’qitish uchun maxsus chet el texnikasi bilan jihozlangan auditoriyalar mavjud. O`zbekistonda og`zaki tarjimani rivojlantirish loyihasi doirasida Janubiy Koreyaning Xankuk chet tillari universiteti tomonidan 2014 yilning sentyabr oyida koreyalik mutaxassislar tomonidan 40 nafar talabaga mo`ljallangan 2 ta xonani sinxron tarjimaga o`qitish uskunalari bilan jihozlab berishdi.
Fakultetda 7 ta mutaxassislik kafedralari mavjud:
O'zbekiston tarixi kafedrasi
Ingliz tili tarjima nazariyasi
Roman-german tillari tarjimashunosligi kafedrasi
Italyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti
Ingliz tili amaliy tarjima
Arab tili tarjima nazariyasi va amaliyoti
Tabiiy fanlar kafedrasi
Fakultetda kunduzgi ta’lim shaklida saboq olayotgan 1953 nafar talaba va kechki ta’lim shaklida tahsil olayotgan 150 nafar talabaga o‘z sohasining yetuk bilimdoni bo‘lgan 130 dan oshiq professor-o‘qituvchi dars berib kelmoqda. Ularning 3-nafari fan doktori (DSc) professorlar, 20 nafar fan nomzodi (PhD) dotsent ilmiy darajasiga ega tajribali ustozlardir. Fakultetda 2 nafar arab, 2 nafar italyan professor-o‘qituvchi bor. Fakultetda bakalavr yo‘nalishlarida 4 ta Yevropa tillari (ingliz, fransuz, nemis) va 1 ta sharq tillari (arab), shuningdek, gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy, tabiiyva umumkasbiy fanlardan dars berilmoqda. Bitiruvchilarimiz kamida “B2 – tilni mustahkam egallash va erkin muloqot qila olish” bosqichigacha bo‘lgan ko‘nikmalarni to‘liq egallaydi.
Italyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi
“Italyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti” kafedrasi 2022-yil “21”-aprelda tashkil etildi, kafedra mudiri etib B.S. Ergashova tayinlandi.
Hozirgi kunda kafedrada 7 professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi (6 nafari asosiy, 1 nafari volontyor). Kafedra tashkil etilguniga qadar italyan yo’nalishi “Roman-german tillari tarjimashunosligi” kafedrasi tarkibiga kirgan bo’lib, 2021-2022 o’quv yili davomida italyan tili professor-o’qituvchilari tomonidan 14 dan ziyod ilmiy maqolalar chop etilgan.
Kafedrada o‘qitiladigan fanlar:
Bakalavriat yo‘nalishi
- Yozma tarjima
- Og‘zaki nutq amaliyoti
- O‘qish va yozish amaliyoti
- Amaliy fonetika
- Amaliy grammatika
- Asosiy o‘rganilayotgan chet tili
- Ketma – ket tarjima
- Sinxron tarjima
- Badiiy tarjima
- Mamlakatshunoslik
- Tarjima va taxrir
- Sohaviy tarjima
- Nazariy grammatika
- Nazariy fonetika
- Tarjima nazariyasi
- Tili o‘rganilayotgan mamlakat adabiyoti
- Qiyosiy tipologiya
- Stilistika va matn tahriri
- Xorijiy til (italyan tili)
Mazkur kafedra tarjima masalalariga oid nazariy va amaliy faoliyatni yuritib, tarjima ko‘nikmalari va tarjimon maxorati bilan bog‘liq bo‘lgan vazifalarni amalga oshiradi.
Kafedrada yetakchi professor-o‘qituvchilar faoliyat olib borishgan. Ular: Sh.A. Abduganiyev, J.J. Xudayberdiyev, Sh.B. Mustafayev, I.B. Fayzullayeva, M.Legler faoliyat yuritib, kafedra faoliyati rivojiga o‘z xissalarini qo‘shganlar va qo‘shib kelmoqdalar.
Bizning kafedramiz quyidagi universitetlar bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatgan:
1. Italiyaning Milan IULM universiteti
2. Italiyaning Siena xorijiy talabar uchun universiteti
3. Italiyaning Perudja xorijiy talabalar uchun universiteti
4. Italiyaning Ca Foscari universiteti