Respublika tillar olimpiadasi
26-27 sentabr kunlari O'zbekiston davlat jahon tillari universitetida har yili o'tkaziladigan Respublika tillar olimpiadasi bo'lib o'tdi. Ushbu nufuzli tadbir O'zbekiston ta'lim tizimida muhim ahamiyatga ega. Italyan tili bo'yicha Samarqand davlat chet tillar instituti, Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti talabalari hamda bizning 3-kurs talabamiz Muhayyo Odilxo'jayeva kuch sinashdilar.
Olimpiada yuqori darajadagi qiyinchiliklari bilan mashhur bo'lib, ishtirokchilarning turli chet tillaridagi til ko'nikmalari, madaniy bilimlari va kommunikativ mahoratini sinovdan o'tkazdi. Sinovlarning murakkabligiga qaramay, talaba qizimiz Muhayyo o'z tayyorgarligi va qat'iyatliligi bilan ajralib turdi va musobaqada birinchi o'rinni egalladi.
Bugun bo'lib o'tgan tantanali yopilish marosimi ko'tarinki ruhda va tantanavor tarzda tashkil etildi. Unda ta'lim sohasi rasmiylari va Oliy ta'lim vazirligi vakillari ishtirok etdilar. G'oliblarning barchasi rasmiy mukofotlar bilan taqdirlanib, ularning mehnatlari va muvaffaqiyatlari e'tirof etildi. Bu muvaffaqiyat nafaqat universitetimiz, balki italyan tili bo'limi uchun ham katta faxr bo'lib, talabalarga berilayotgan ta'lim sifatining yuqori darajasini yana bir bor tasdiqlaydi.
Muhayyo Odilxo'jayeva g'olibligi fidoyilik va o'qishga bo'lgan ishtiyoq katta yutuqlarga olib kelishini namoyish etdi. Ishonchimiz komilki, u kelajakda ham o'zining bilim va qobiliyatlari bilan ajralib turadi.