Italiya bilan hamkorlik davom etmoqda

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Italyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi hamda Italiya universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichlari izchil davom etmoqda. 16–22-dekabr kunlari kafedramiz o‘qituvchilari Abduzohirova Ruxsora va Ergashova Baxora Italiya Respublikasidagi Siena xorijliklar universitetiga Erasmus loyihasi doirasida malaka oshirish uchun tashrif buyurib qaytdilar.

Bu safar oldidan, 9–15-dekabr kunlari, kafedramizning yana bir o‘qituvchisi Xudayberdiyev Jasur xuddi shu universitetda malaka oshirgan edi. Mazkur tashriflar davomida o‘qituvchilarimiz o‘z malakalarini oshirish bilan bir qatorda, italiyalik mutaxassislar bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Safar davomida Italiyada Erasmus mobiligi asosida tahsil olayotgan talabalarimiz – Omonova Zebiniso, Mirzaxmatov Sardor va Xanxo‘jayeva Sevinch bilan uchrashuv tashkil etildi. Ushbu uchrashuv talabalarning akademik hayoti bilan yaqindan tanishish, ularning tajribalari va qiyinchiliklarini tinglash imkoniyatini berdi.

Shuningdek, safar davomida Italiyaning boshqa bir qator nufuzli universitetlariga tashrif buyurilib, kelgusidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Bu kabi tashabbuslar O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.