USSUN (Unites Students of SUN - Silk Road Universities Networking) vitse-prezidenti
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Italyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti yo'nalishi 3-kurs talabasi Odilxo'jayeva Muhayyo 2025- yilga mo‘ljallangan USSUN (Unites Students of SUN - Silk Road Universities Networking) vitse-prezidenti sifatida saylandi. Bu unga nafaqat o‘zining akademik yutuqlarini, balki xalqaro maydonda talabalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bo‘lgan kuchli ishtiyoqini namoyish etish imkoniyatini yaratdi.
USSUN — bu dunyoning turli universitetlaridan iqtidorli va namunali talabalarni birlashtiradigan xalqaro tarmoqdir. Uning asosiy maqsadi – madaniy, ilmiy va tarixiy tarmoqlarda talabalar o‘rtasida yaqindan tanishuv o‘rnatish, kelajakda esa davlatlararo tinchlik, dostlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdir. Bu tashkilot har yili o‘zining anjumanini dunyoning turli burchaklarida o‘tkazadi, unda akademiklar va talabalar o‘zlarining ilmiy ishlarini taqdim etadi va turli seminarlar ishtirok etadilar.
USSUNning 9-chi yig‘ilishi 2024 yilning 11-14 noyabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda 70 dan ortiq universitetlar vakillari, professorlar, doktorantlar va talabalar ishtirok etdi. Sun tashkiloti doirasida xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan loyiha va tadbirlar, ayniqsa, Buyuk Ipak yo‘lining tarixiy ahamiyatini tiklashga qaratilgan loyihalar, dunyo miqyosida tinchlikni saqlashga hissa qo‘shishga qaratilgan taqdimotlari bilan boy bo'ldi. Shu o‘rinda, Odilxo'jayeva Muhayyo o‘zining barcha maqsadlarini amalga oshirishda USSUNni nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa davlatlardagi talabalar o‘rtasida ham targ‘ib qilishni ko‘zlaganligini o'z ishlanma rejasida aytib o'tdi.
Muhayyo ushbu taqdimotda o‘zining media sohasidagi ko‘nikmalarini jamiyatning rivojlanishiga yo‘naltirishni maqsad qilgan loyihasini taqdim etdi. Bu, albatta, uning muvaffaqiyatlari va jahon miqyosidagi faoliyatini kengaytirish imkonini beradi.
Biz Odilxo'jayeva Muhayyoni USSUNning vitse-prezidenti sifatida saylanganligi bilan tabriklaymiz va uning kelajakdagi ilmiy va ijtimoiy faoliyatida yanada yuqori marralarni zabt etishiga tilakdoshmiz.